Toshkent shahrida Franklin Templeton tomonidan tashkil etilgan Corporate Governance Day 2026 tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda “Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari, davlat tashkilotlari, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) portfel kompaniyalarining kuzatuv kengashlari va ijroiya organlari a’zolari, korporativ kotiblar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida korporativ boshqaruvning ilg‘or amaliyotlari, kuzatuv kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, ijroiya organlari va aksiyadorlar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish, shuningdek, korporativ kotiblarning boshqaruv jarayonlaridagi roli muhokama qilindi.
Alohida e’tibor davlat xaridlari jarayonida kuzatuv kengashlarining o‘rni, aksiyadorlarning kutilmalari hamda korporativ boshqaruv tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish masalalariga qaratildi.
Tadbirda Templeton Global Investments, Sodali & Co, Montfort Eurasia, Dentons va McKinsey & Company kompaniyalari ekspertlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, McKinsey kompaniyasining kuzatuv kengashlari faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha yondashuvlari va ularni amaliyotda qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur tadbirda ishtirok etish Birja vakillariga korporativ boshqaruv sohasidagi xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishish, shuningdek, boshqaruv organlari faoliyatida shaffoflik va samaradorlikni oshirishga oid amaliy masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.