“Toshkent” Respublika fond birjasining texnologik tizimlarini yangilash bo‘yicha e’lon qilingan takliflar so‘rovi (Request for Proposal — RFP) doirasida potensial ishtirokchilar bilan muloqotlar boshlandi.
Bugun Birja va Buyuk Britaniyaning savdo tizimlariga ixtisoslashgan birja texnologiyalari kompaniyasi o‘rtasida birinchi videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar RFPning asosiy talablari, loyihaning texnik jihatlari va keyingi hamkorlik bosqichlarini muhokama qildilar. Shuningdek, loyiha bo‘yicha savollar yuzasidan fikr almashilib, qator masalalarga oydinlik kiritildi.
Ayni paytda Birja tomonidan 36 ta xalqaro texnologik kompaniyaga RFPda ishtirok etish bo‘yicha murojaat yuborilgan b36 ta xalqaro texnologik kompaniyaga RFPda ishtirok etish bo‘yicha murojaat yuborilgan bo‘lib, ulardan tashqari, 3 ta xorijiy kompaniya ham ushbu loyihada ishtirok etish istagini bildirib, Birjaga mustaqil ravishda murojaat qilgan.
Potensial ishtirokchilar bilan texnik masalalarni muhokama qilish va loyiha bo‘yicha savollarga aniqlik kiritish ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida qimmatli qog‘ozlar savdosi, bitimlar bo‘yicha kliring va hisob-kitoblar, brokerlik faoliyati hamda savdo jarayonlarini kuzatish va nazorat qilishga mo‘ljallangan tizimlarni yangilash nazarda tutilgan.
RFP doirasida to‘liq texnik va tijorat takliflarini taqdim etishning yakuniy muddati 2026-yil 10-oktyabr, Toshkent vaqti bilan soat 17:00.