O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–303-sonli qaroriga muvofiq, 2026-yil yakuniga qadar Jamg‘arma aksiyalarini Toshkent va xalqaro, jumladan London fond birjalarida joylashtirish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish doirasida “Toshkent” Respublika fond birjasida Milliy investitsiya jamg‘armasi (“UzNIF”) tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) bo‘yicha ishchi guruh uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda “Toshkent” Respublika fond birjasi, Milliy investitsiya jamg‘armasi (“UzNIF”), Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, “Fond bozorining axborot-resurs markazi” MCHJ, IT-kompaniyalar hamda brokerlik tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida IPO jarayonining asosiy bosqichlari, strategik parametrlari hamda uni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. Xususan, Jamg‘arma aksiyalari hamda global depozitar tilxatlarni (GDR) bir vaqtning o‘zida Toshkent va London fond birjalarida joylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar yakunlari bo‘yicha joylashtirish jarayonining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi, amalga oshirish muddatlari aniqlashtirildi hamda ishtirokchi tomonlarning belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga tayyorligi tasdiqlandi.
Mazkur IPO milliy kapital bozorini rivojlantirish va uni xalqaro moliyaviy bozorlar bilan integratsiyasini chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.