Avval xabar berganimizdek, “Toshkent” Respublika fond birjasi aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Birjaning amaldagi dasturiy ta’minotini almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Birja kapital bozori texnologik infratuzilmasini kompleks modernizatsiya qilishning navbatdagi bosqichiga o‘tdi va takliflar so‘rovi (Request for Proposal — RFP) doirasida mahalliy hamda xorijiy texnologik kompaniyalardan texnik va tijorat takliflarini qabul qilishni boshladi!
RFP doirasida Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Afrika bozorlarida faoliyat yurituvchi 36 ta xalqaro texnologik vendorga ham taklif taqdim etish bo‘yicha so‘rov yuborildi. Bu xalqaro tajriba va zamonaviy texnologik yechimlarni keng o‘rganish hamda Birjaning texnologik talablariga eng mos yechimni tanlash imkonini beradi.
Loyiha kapital bozorining asosiy texnologik tizimlarini kompleks yangilashni nazarda tutadi va quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- savdo tizimi (Trading System);
- kliring va hisob-kitoblar tizimi (Clearing System);
- brokerlik tizimi (Brokerage System);
- bozor nazorati tizimi (Market Surveillance System);
- birlamchi bozor va buyurtmalarni shakllantirish moduli (Bookbuilder / Primary Market Module).
Loyiha doirasida dasturiy ta’minotlarning funksional imkoniyatlari, ishlash samaradorligi, joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash shartlari, shuningdek, tizimlar Birjaning texnologik infratuzilmasi (Fond bozorining axborot-resurs markazi MChJ)da joylashtirish va ularni mustaqil boshqarish imkoniyati baholanadi.
Loyihada ishtirok etish istagini bildirgan kompaniyalar 2026-yil 10-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 ga qadar to‘liq texnik va tijorat takliflarini taqdim etishi lozim.
Texnik baholash bosqichiga o‘tgan kompaniyalar 2026-yil 31-dekabrga qadar taklif etilayotgan tizimning amaliy namoyishini o‘tkazishi lozim.
Batafsil RFP hujjatlari, ishtirok shartlari va qo‘shimcha ma’lumot olish uchun quyidagi elektron pochta manziliga murojaat qiling:
✉️ info@uzse.uz
✉️ a.tyan@uzse.uz