2026-yil 19-oktyabrda Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi “C5+1” formati doirasida AQSH–O‘zbekiston biznes va investitsiyalar kengashining yuqori darajadagi biznes sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari bo‘yicha mavzuli sessiyalar hamda B2B va B2G formatlarida muzokaralar o‘tkazildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) vakillari hamda “Toshkent” Respublika fond birjasi rahbari Nasdaq kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muzokaralarda “Toshkent” RFBning savdo, kliring, brokerlik va bozor nazorati tizimlarini texnologik modernizatsiya qilish loyihasi muhokama qilindi. Xususan, Birja tomonidan e’lon qilingan takliflar so‘rovi (Request for Proposal — RFP) jarayoni va zamonaviy texnologik yechimlarning imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvning muhim jihatlaridan biri Nasdaq tomonidan Stokgolm fond birjasi tajribasini bevosita o‘rganish taklifi berildi. Ushbu taklif doirasida savdo, kliring, brokerlik, bozor nazorati va depozitariy tizimlarining ishlash mexanizmlari, ularning o‘zaro integratsiyasi hamda amaliyotda qo‘llanilayotgan texnologik yechimlar bilan joyida tanishish nazarda tutiladi.
Mazkur uchrashuv Birjaning texnologik infratuzilmasini yangilash bo‘yicha e’lon qilingan takliflar so‘rovi (Request for Proposal — RFP) doirasida zamonaviy texnologik yechimlarni tanlash jarayonini davom ettirishga xizmat qiladi.