IPO, dual listing va korporativ boshqaruv: xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar
The Bank of New York Mellon (BNY) va Hudson Sandler tomonidan “Kapitalni boshqarish va rivojlanish: O‘zbekiston kapital bozori taraqqiyotining yangi bosqichi” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada “Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir kompaniyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari vakillari, yuridik maslahatchilar hamda kapital bozori ekspertlarini birlashtirib, kompaniyalarning fond bozoriga chiqishi, IPO va dual listing imkoniyatlari, korporativ boshqaruv standartlari hamda xalqaro investorlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya uchta asosiy yo‘nalishni qamrab oldi:
- Kapital bozoriga chiqish uchun huquqiy va institutsional asoslar — tartibga solish talablari, korporativ boshqaruv, kompaniyalarning korporativ tuzilmasi va aksiyalarni ommaviy joylashtirishga tayyorgarlik masalalari.
- IPO va dual listing: xalqaro kapital bozorlariga chiqish — aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish jarayoni, bir vaqtning o‘zida ikki fond birjasida listingdan o‘tish imkoniyatlari va xalqaro investorlar talablari.
- IPOdan keyingi faoliyat va kompaniyaning uzoq muddatli qiymatini oshirish — investorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish, korporativ boshqaruv samaradorligi va investitsiyaviy jozibadorlikni mustahkamlash.
Muhokamalarda Cleary Gottlieb, Centil Law, Franklin Templeton, Jefferies, Rothschild, BNY va Hudson Sandler vakillari ishtirok etib, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro amaliyot va zamonaviy yondashuvlarni ko‘rib chiqdilar.
Birja vakillarining konferensiyadagi ishtiroki IPO va dual listing jarayonlariga oid xalqaro tajribani o‘rganish, korporativ boshqaruvning zamonaviy yondashuvlari hamda global investorlar talablari bilan yaqindan tanishish nuqtayi nazaridan ahamiyatli bo‘ldi.