2026-yil 7–13 sentyabr kunlari Gonkongga amalga oshirilayotgan amaliy tashrif doirasida "Toshkent" Respublika fond birjasi vakillari O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida qator xalqaro tadbir va uchrashuvlarda ishtirok etmoqda.
Tashrif dasturining muhim tadbirlaridan biri 9–10 sentyabr kunlari Gonkongda o‘tkazilayotgan XI Belt and Road Summit xalqaro sammitidir.
Bu yilgi sammit "Yuqori sifatli taraqqiyotni ilgari surish — yangi bosqich sari" shiori ostida o‘tkazilib, turli mamlakatlarning davlat idoralari, moliya institutlari, investitsiya hamjamiyati va yirik biznes vakillarini bir maydonda jamlamoqda.
Ikki kunlik dastur doirasida xalqaro savdo va investitsiyalar, moliya va kapital bozorlari, yangi investitsiya imkoniyatlari, innovatsiyalar hamda transchegaraviy hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, tashrif doirasida xalqaro moliya bozori ishtirokchilari, investitsiya vositachilari va institutlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, dual listing imkoniyatlarini muhokama qilish, bozor likvidligini oshirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or moliyaviy instrumentlarni joriy etish istiqbollarini ko‘rib chiqish hamda osiyolik hamkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Birja vakillarining mazkur xalqaro maydondagi ishtiroki yangi professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish, kapital bozori sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganish va O‘zbekiston kapital bozorining global moliya tizimi bilan integratsiyasini kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.