17-sentabr kuni Toshkent shahrida Cbondsning “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” VIII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston kapital bozoridagi asosiy o‘zgarishlar va uning rivojlanish istiqbollari, bozor likvidligini oshirish, emitentlar faolligini rag‘batlantirish, yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish, shuningdek, xorijiy kapitalni jalb qilish va xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyani kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
“Toshkent” Respublika fond birjasi raisi v.v.b. Fayzulla Tashov konferensiyaning “Kapital bozori: asosiy o‘zgarishlar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi yalpi sessiyasida ishtirok etdi.
O‘z chiqishida u korporativ obligatsiyalar bozorining joriy holati va dinamikasi, xorijiy investorlar ishtiroki, kupon stavkalari, shuningdek, bozor ma’lumotlarini tizimlashtirish va tahliliy imkoniyatlarni kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
2024-yildan 2026-yilning sakkiz oyi yakuniga qadar 39 ta emitent tomonidan 73 ta korporativ obligatsiya chiqarilishi amalga oshirilgan, ularning umumiy hajmi 7,86 trln so‘mni tashkil etgan. Xorijiy investorlar soni 374 taga, ular egaligidagi obligatsiyalar hajmi esa 1,89 trln so‘mga yetgan.
Listingga kiritilgan qat’iy belgilangan kupon stavkali korporativ obligatsiyalar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan kupon stavkasi 19,44 foizni, stavkalar diapazoni esa 16,5 foizdan 28 foizgacha tashkil etmoqda.
Taqdimotda Birjaning “Tashkent Stock Exchange bozor ma’lumotlari” loyihasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Loyiha bozor, moliyaviy hisobot va savdo ma’lumotlarini yagona tizimda birlashtirib, ular asosida moliyaviy va bozor koeffitsiyentlari, indekslar, kompaniyalarni baholash va emitentlarni SWOT-tahlil qilish kabi tahliliy mahsulotlarni shakllantirishni nazarda tutadi.
Konferensiya O‘zbekiston kapital bozorining rivojlanish tendensiyalari va uning xalqaro moliyaviy infratuzilma bilan integratsiyasini kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.