Bugun "O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi" AJ (UzNIF) tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Jamg‘armaning 2026-yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha moliyaviy natijalari, portfel kompaniyalaridagi o‘zgarishlar va korporativ boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Matbuot anjumanida “Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari ham ishtirok etib, savol-javob sessiyasida qatnashdi.
Asosiy ko‘rsatkichlar
2026-yil 30-iyun holatiga ko‘ra, UzNIFning sof aktivlari qiymati (NAV) 31,67 trln so‘m yoki 2,63 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2025-yil yakuniga nisbatan 6,1 foizga o‘sdi. Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, o‘sishning asosiy qismi portfel aktivlarining qayta baholanishi hisobiga shakllangan.
2026-yilning birinchi yarim yilligida Jamg‘armaning sof foydasi 2,057 trln so‘m yoki 170 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Shu davrda “Issiqlik elektr stansiyalari”, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va “O‘zbektelekom”dan qariyb 341 mlrd so‘m dividend daromadi olingan.
Portfel qiymatining o‘sishiga, jumladan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “O‘zbektelekom”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, O‘zsanoatqurilishbank va “Hududiy elektr tarmoqlari” aktivlarining qayta baholanishi ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Bu dinamika portfel kompaniyalarining operatsion ko‘rsatkichlari, energetika sohasidagi tarif mexanizmlaridagi o‘zgarishlar hamda makroiqtisodiy omillar bilan izohlangan.
Birja dinamikasi
2026-yil 18-maydan 30-iyunga qadar “Toshkent” Respublika fond birjasida UzNIF aksiyalari narxi 21,5 foizga — 4,65 so‘mdan 5,65 so‘mgacha oshgan.
Shu davrda London fond birjasidagi global depozitar tilxatlar (GDR) narxi 26,4 foizga — 25,00 AQSH dollaridan 31,60 AQSH dollarigacha o‘sgan.
Korporativ boshqaruv
Matbuot anjumanida UzNIF va uning portfel kompaniyalarida korporativ boshqaruv va mustaqil nazorat mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
2026-yil 16-sentabr kuni o‘tkazilgan UzNIF aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Xyu van Katsem Jamg‘arma Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi. Shundan so‘ng Kuzatuv kengashi besh nafar a’zodan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, 2026-yilning birinchi yarim yilligida UzNIF portfelidagi 13 ta kompaniyadan 11 tasining kuzatuv kengashida mustaqil direktorlar va Franklin Templeton tomonidan tayinlangan direktorlar ko‘pchilikni tashkil etgani ma’lum qilindi.
UzNIFning IPOdan keyingi moliyaviy natijalari, birjadagi dinamikasi va korporativ boshqaruvdagi o‘zgarishlar investorlar uchun ochiqlikni oshirish hamda kapital bozorida zamonaviy korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish jarayoni davom etayotganini ko‘rsatadi.