9–10 sentyabr kunlari Astana shahrida Astana Finance Days 2026 (AFD 2026) xalqaro moliyaviy forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Toshkent” Respublika fond birjasi rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.
“Kapitaldan — amaliy natijalar sari” mavzusi ostida o‘tgan forum davlat organlari, regulyatorlar, fond birjalari, xalqaro moliya institutlari va investitsiya hamjamiyati vakillarini bir maydonda jamladi. Dasturdan kapital bozorlarini rivojlantirish, investitsiya mahsulotlari, moliyaviy infratuzilma va innovatsiyalarga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin oldi.
Forum dasturi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi qator sessiya va muhokamalarda ishtirok etdi. Jumladan, “Fragmentatsiyadan integratsiyaga: moliya bozorlarini mustahkamlash yo‘lida mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi yopiq davra suhbatida Markaziy Osiyo va Kavkaz moliya bozorlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, transchegaraviy investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va bozor infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, forum doirasida bozor likvidligini oshirish, investorlar ishtirokini kengaytirish, yangi investitsiya instrumentlari va zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Dasturda islom moliyasi, derivativlar, tokenizatsiya va raqamli aktivlar kabi yo‘nalishlar qamrab olinib, Astana xalqaro moliya markazi tajribasi ham o‘rganildi.
“Toshkent” Respublika fond birjasining Astana Finance Days 2026dagi ishtiroki xalqaro aloqalarni mustahkamlash va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.