«Toshkent» Respublika fond birjasi O‘zbekiston kapital bozorining shakllanishi va rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq moliyaviy institutlardan biri. 1994 yilda tashkil etilgan Birja o‘tgan davr mobaynida milliy qimmatli qog‘ozlar bozorining dastlabki infratuzilmasini shakllantirishdan tortib, elektron savdo texnologiyalarini joriy etish, ommaviy takliflarni o‘tkazish va xalqaro kapital bozorlari bilan hamkorlikni kengaytirishgacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
«Toshkent» Respublika fond birjasi 1994 yil 8 aprelda tashkil etildi. Birjaning tashkil etilishi O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozorini shakllantirish va kapital bozori infratuzilmasini barpo etishda muhim qadam bo‘ldi.
Dastlabki yillarda brokerlik institutlari va hududiy infratuzilma shakllantirilib, Samarqand, Andijon va Buxoroda Birjaning ilk filiallari ochildi.
1990-yillarning ikkinchi yarmida Yagona elektron savdo tizimi joriy etilib, respublika hududlarini yagona savdo maydoniga birlashtirish va real vaqt rejimida savdolar o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Shu davrda listing mexanizmlari va zamonaviy birja standartlari joriy etila boshlandi. 1995 yilda Birjaning Yevroosiyo fond birjalari federasiyasiga a’zo bo‘lishi esa xalqaro birja hamjamiyati bilan hamkorlikning dastlabki bosqichini belgilab berdi.
2000-yillar boshida Birja faoliyatida texnologik rivojlanish va bozor instrumentlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat berildi.
Bozor dinamikasini aks ettiruvchi fond indekslari shakllantirildi, aksiyalarni uzluksiz ikki tomonlama auksion usulida sotish imkonini beruvchi elektron savdo mexanizmlari rivojlantirildi.
Birjaning rasmiy veb-sayti ishga tushirilib, bozor ma’lumotlari va savdo natijalaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.
Korporativ obligasiyalar muomalasi uchun alohida savdo maydonining tashkil etilishi Birjada taqdim etiladigan moliyaviy instrumentlar doirasini kengaytirdi va qarz kapitalini jalb qilish uchun yangi birja mexanizmini shakllantirdi.
Ushbu davr Birja infratuzilmasini modernizasiya qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bilan xarakterlandi.
Koreya fond birjasi (KRX) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, axborot texnologiyalari, birja infratuzilmasini modernizasiya qilish va mutaxassislar salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida tajriba almashish uchun asos yaratildi.
Xalqaro birjalar va professional tashkilotlar bilan aloqalarning kengayishi milliy fond bozori infratuzilmasini ilg‘or xalqaro amaliyotlarga yaqinlashtirishga xizmat qildi.
2016 yilda fond bozori ishtirokchilarini yagona texnologik muhitda birlashtiruvchi Yagona dasturiy-texnik kompleks (YDTK) ishga tushirildi. Yangi infratuzilma Birja, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, investisiya vositachilari va investorlar o‘rtasidagi jarayonlarni avtomatlashtirish hamda savdo operasiyalarini masofadan amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirdi.
2018 yilda «Toshkent» Respublika fond birjasida O‘zbekiston tarixidagi birinchi IPO — «Kvars» AJ aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi o‘tkazildi. Ushbu voqea fond bozori orqali keng doiradagi investorlarni kompaniya kapitaliga jalb etish amaliyotining shakllanishida muhim bosqich bo‘ldi.
2021–2025 yillarda «Toshkent» Respublika fond birjasida moliyaviy instrumentlar turini kengaytirish, emitentlarning kapital bozori orqali moliyalashtirish imkoniyatlarini oshirish, shuningdek aholi va investorlarni fond bozoriga kengroq jalb etish bo‘yicha ishlar davom ettirildi.
Shu jumladan 2023–2024 yillarda UzAuto Motors AJ, «O‘zbekinvest» AJ, «O‘zbektelekom» AK, «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ (O‘zRTXB) aksiyalari bo‘yicha ommaviy takliflar birja orqali amalga oshirildi.
Mazkur jarayonlar emitentlarning fond bozori instrumentlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholi va institusional investorlarni kapital bozoriga faolroq jalb etish hamda mamlakatda ommaviy qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirishga xizmat qildi.
2026 yildan boshlab Birja savdolarida moliyaviy instrumentlar turini ko‘paytirish va bozor imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi bosqich boshlandi. Ipoteka obligasiyalarining birja savdolariga kirib kelishi qarz qimmatli qog‘ozlari segmentini yanada rivojlantirish va yangi investisiya imkoniyatlarini shakllantirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 avgustdagi PQ-303-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Milliy investisiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar Jamg‘arma aksiyalarini Toshkent va xalqaro, jumladan London fond birjalarida joylashtirish vazifasi belgilangan edi.
Ushbu voqealar Birja faoliyatida moliyaviy instrumentlar turini kengaytirish va qimmatli qog‘ozlarni mahalliy hamda xalqaro bozorlarda joylashtirish amaliyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.